Yangiliklar
KURASH – MILLIY G‘URURIMIZ: NAVOIY VILOYATI RESPUBLIKA G‘OLIBI!
17-iyul 2025-yil
Joriy yilning 15-16-iyul kunlari Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida kurash sport turi bo‘yicha “Kurash — milliy g’ururimiz” shiori ostida umumta’lim maktablari o‘rtasidagi musobaqaning Respublika bosqichi bo’lib o’tdi.
Mazkur kurash musobaqasida respublikamizning barcha hududlaridan 200 nafardan ortiq yosh polvonlar o‘z vazn toifalarida gilamga chiqishdi.
Ushbu nufuzli musobaqada Navoiy viloyati terma jamoasi a’zolari yuqori natijalarga erishib, quyidagi sovrinli o‘rinlarni egallashdi: 3 ta oltin medal, 2 ta kumush medal hamda 4 ta bronza medal.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Navoiy viloyati faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Bugun Navoiy shahridagi Yakka kurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida g‘olib sportchilarni tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi. Tadbir davomida sportchilarga ehtirom ko‘rsatilib, ularning yutug‘i alohida e’tirof etildi.
Marosimda Navoiy viloyati kurash federatsiyasi ijrochi direktori Mamadali Norov, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Jahongir Qalandarovlar ham ishtirok etdi va sportchilarga muvaffaqiyatlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati