Yangiliklar
Prezident archasi — bolajonlar uchun unutilmas bayram!
25-dekabr 2025-yil
Navoiy viloyatida “Prezident archasi” bayram tadbirlari ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etilib, yuzlab bolajonlarga quvonch ulashdi. Dastlab kichkintoylar “Farhod” madaniyat saroyida namoyish etilgan Yangi yil ertagini katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Bayram tadbirlari “Imperial” tantanalar saroyida davom etdi. Unda oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda yurtimiz tinchligi yo‘lida jon fido qilgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov, sektor rahbarlari, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati hamda mas’ul tashkilotlar vakillari qatnashib, bolajonlarni Yangi yil bilan tabrikladi. Tadbir yakunida bolalarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi.
“Prezident archasi” tadbirlari bolalar qalbida quvonch, ezgulik va kelajakka bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati