Yangiliklar
YOSHLAR BILAN OCHIQ MULOQOT — KELAJAKKA QARATILGAN MUHIM QADAM
19-mart 2026-yil
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan. Shu munosabat bilan bugun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra'no Hayitova Xatirchi tumanida o‘quvchi-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda ta’lim, san’at, sport va madaniyat yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishib kelayotgan iqtidorli yoshlar, muddatidan oldin talabalikka qabul qilingan o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Muloqot davomida yoshlar o‘z g‘oya va tashabbuslarini ilgari surib, ularni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha takliflarini bildirdi. Bildirilgan murojaatlar atroflicha tinglanib, ularni amaliy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, bunday uchrashuvlar yoshlarning fikrini eshitish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda kelajak rejalari uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida farzand tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashib kelayotgan bir guruh ota-onalar boshqarma boshlig‘ining minnatdorlik tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida hudud yoshlari erishayotgan yutuqlar alohida e’tirof etildi. Xususan, ilk bor o‘quvchi qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” futbol musobaqasining respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Xatirchi tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabining “Lochin” qizlar jamoasi munosib rag‘batlantirildi.
Jamoa a’zolariga tashakkurnomalar, sport formalar jamlanmasi hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Yosh sportchilarning erishgan natijalari yuksak baholanib, ularning kelgusidagi muvaffaqiyatlariga katta ishonch bildirildi.
Shuningdek, “Lochin” jamoasiga respublika bosqichida ham munosib ishtirok etib, yangi zafarlarni qo‘lga kiritish tilandi. Yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, ayniqsa, qizlar futbolini qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati