Yangiliklar

.

NAVOIY VILOYATI MAKTABGACHA VA MAKTAB TA’LIMI BOSHQARMASI BOSHLIG‘INING MAKTAB BITIRUVCHILARIGA BAYRAM TABRIGI

25-may 2026-yil
image

Qadrli o‘quvchi-yoshlar!
Aziz maktab bitiruvchilari!


Bugun yangrayotgan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari hayotingizdagi unutilmas sahifaning yakunlanayotganidan va ulkan maqsadlar sari yangi yo‘llar ochilayotganidan darak bermoqda. Bu qo‘ng‘iroq sizlarni bolalikning beg‘ubor olamidan mustaqil hayotning mas’uliyatli va sharafli yo‘liga kuzatmoqda.
 

Sizlar bugun qadrdon maktabingiz, qalbingizga ilm va mehr ulashgan ustozlaringiz bilan xayrlashib, katta hayot sari dadil qadam tashlamoqdasiz.

Joriy yilda mamlakatimizning barcha umumta’lim maktablarida “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu ezgu shior bugungi yoshlar uchun nafaqat chaqiriq, balki kelajak sari yo‘naltiruvchi hayotiy mezondir.

Quvonarlisi shundaki, ushbu o‘quv yilida viloyatimizdagi 11-sinfni tamomlayotgan 12 207 nafar bitiruvchidan 368 nafari oltin, 124 nafari kumush medal bilan taqdirlanmoqda. Bundan tashqari, minglab bitiruvchilar milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lib, o‘z bilim va salohiyatini amalda namoyon etmoqda.

Yana bir faxrli jihat — joriy yilda 484 nafar bitiruvchimiz maksimal ball natijalari asosida muddatidan avval grant asosida talabalar safiga qabul qilindi. Shuningdek, 40 nafar o‘quvchimiz dunyoning nufuzli TOP-500 talik universitetlari talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu yutuqlar, avvalo, siz aziz yoshlarning intilishi, ota-onalarning fidokorligi va ustozlarning zahmatli mehnati samarasi hisoblanadi.

Aziz bitiruvchilar!

Insonni yuksaltiradigan eng katta kuch — bilim, uni buyuklik sari yetaklaydigan eng katta qanot esa maqsaddir. Hayot yo‘llaringizda qanday sinovlar uchramasin, ilm olishdan, izlanishdan va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang.

Ishonamizki, sizlar Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun munosib hissa qo‘shadigan bilimli, tashabbuskor va vatanparvar insonlar bo‘lib kamol topasizlar.

Barchangizga mustahkam sog‘lik, omad, yuksak marralar va yorqin kelajak tilayman.

Mustaqil hayot sari qo‘yayotgan qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!


Ra’no Hayitova
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i

navoiy_mmtb@exat.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB