Yangiliklar
Zarafshonlik 10 yoshli o‘quvchi ingliz tilidan B2 sertifikatini qo‘lga kiritdi
19-iyun 2026-yil
Zarafshon shahridagi 13-maktabning 4-sinf o‘quvchisi Amirshoh Muminov ingliz tili bo‘yicha xalqaro imtihonni muvaffaqiyatli topshirib, B2 darajadagi milliy sertifikat sohibiga aylandi.
Atigi 10 yoshida ushbu natijaga erishgan Amirshohning muvaffaqiyati ortida uning muntazam mehnati va oiladagi ta’limiy muhit muhim o‘rin tutadi. Uning onasi, oliy toifali ingliz tili o‘qituvchisi Oygul Isamovaning ta’kidlashicha, farzandining bugungi yutug‘i tasodifiy emas. Oilamizda ilm olish va xorijiy tillarni o‘rganishga doimo alohida e’tibor qaratilgan. Amirshohning ushbu natijasida, avvalo, uning o‘z ustida izchil ishlagani muhim omil bo‘lgan bo‘lsa, akasi va opasining ko‘magi ham katta ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, Oygul Isamovaning o‘zi ham ta’lim sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan pedagoglardan biridir. U IELTS xalqaro imtihonidan 8 ball natija qayd etgan, Multilevel imtihonining C darajasiga ega. Shuningdek, Webster universiteti magistri hamda xalqaro TESOL sertifikati sohibasi hisoblanadi.
Yosh o‘quvchining ushbu muvaffaqiyati Zarafshon shahrida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu natija oiladagi ta’limiy muhit, ota-onalarning e’tibori va farzandning shaxsiy intilishi uyg‘unlashganda yuksak marralarga erishish mumkinligining yorqin namunasidir.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati