Yangiliklar
Navoiy viloyatida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash: birinchi yarim yillik natijalari
3-iyul 2026-yil
2026 yilning yanvar–iyun oylari davomida Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda tuman (shahar) bo‘limlariga jami 1255 ta murojaat kelib tushdi.
Murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish natijasida ularning 889 tasi (70,8 foizi) ijobiy hal etildi yoki huquqiy ma'lumotlar berish orqali yechim topdi. Shuningdek, 264 ta (21,0 foiz) murojaat yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Hisobot davrida aholi tomonidan eng ko‘p murojaatlar farzandlarni maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablariga joylashtirish masalasi yuzasidan kelib tushdi. Ushbu yo‘nalishda jami 293 ta murojaat qayd etilgan. Shuningdek, fuqarolarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlash masalasida 224 ta murojaat yo‘llangan.
Fuqarolarning murojaatlarini joyida o‘rganish, ularni tezkor hal etish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida hududlarda muntazam ravishda "Sayyor qabul"lar tashkil etilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbariyati, shuningdek, hududiy bo‘lim boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida 62 marta sayyor qabul o‘tkazildi.
Mazkur sayyor qabullar davomida 172 ta murojaat qabul qilinib, ularning 84,9 foizi bo‘yicha ijobiy yechim ta’minlandi.
Fuqarolar murojaatlari bilan tizimli ishlash, har bir murojaatni atroflicha o‘rganish va qonuniy yechimini ta’minlash viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi tizimining ustuvor vazifalaridan biridir.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati